A
x A A A

Jamg'arma to'g'risida Nizom

 
Mazkur Nizomga O’zR VM 07.06.2011 y. 163-sonli
Qaroriga muvofiq o’zgartirishlar kiritilgan
 
 
I. UMUMIY QOIDALAR
 
1. Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug’urta qilish bo’yicha to’lovlarni kafolatlash jamg’armasi (keyingi o’rinlarda "Jamg’arma" deb yuritiladi) transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug’urta qilish (keyingi o’rinlarda "majburiy sug’urta qilish" deb yuritiladi) bo’yicha to’lovlarni kafolatlash maqsadida tashkil etiladi.
 
2. Jamg’arma o’z faoliyatida "Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug’urta qilish to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga, boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
 
3. Jamg’arma notijorat tashkilot hisoblanadi, mustaqil balansga, O’zbekiston Respublikasi banklarida hisob raqamlariga, shu jumladan xorijiy valyutadagi hisob raqamlariga, O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan va o’z nomi yozilgan dumaloq muhrga, shtamplarga va blankalarga ega bo’ladi. (O’zR VM 07.06.2011 y. 163-son Qarori tahriridagi xatboshi)
Jamg’arma moliyaviy yordam berish va xayriya faoliyati bilan shug’ullanishga, shuningdek yuridik shaxslarning muassisi (qatnashchisi) bo’lishga va sug’urta tashkilotlarining ustav sarmoyasida qatnashishga haqli emas.
 
4. Jamg’armaning ustav sarmoyasi sug’urtalovchilara’zolar (keyingi o’rinlarda "sug’urtalovchilar" deb yuritiladi)ning biryo’la to’lanadigan badallari hisobiga shakllanadi. Jamg’arma o’z majburiyatlari bo’yicha o’zining barcha mol-mulki bilan javob beradi.
 
II. JAMG’ARMANING ASOSIY VAZIFALARI VA FUNKSIYALARI
 
5. Quyidagilar Jamg’armaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
transport vositalaridan foydalanishda jabrlanuvchiga unga yetkazilgan zararni kafolatli to’lashni majburiy sug’urta qilish to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq kompensatsiya to’lovlarini amalga oshirish yo’li bilan ta’minlash;
transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug’urta qilish to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq sug’urta mukofotlari bo’yicha siylov huquqiga ega bo’lgan fuqarolarning ayrim toifalarini ko’rsatib o’tilgan siylovlarni kompensatsiya qilish yo’li bilan qo’llab-quvvatlash tizimini moliyaviy ta’minlash;
majburiy sug’urta qilish, shu jumladan majburiy sug’urta qilish shartnomalari to’g’risidagi ma’lumotlardan iborat bo’lgan, sug’urta hodisalari to’g’risidagi ma’lumotlarning axborot bazasini, sug’urta qildiruvchilar va jabrlanganlar to’g’risidagi shaxsiy ma’lumotlarni shakllantirish, sug’urta sirlari to’g’risidagi qonun hujjatlarida belgilangan talablarni ta’minlagan holda sug’urtalovchilar bilan Jamg’arma o’rtasida ko’rsatib o’tilgan ma’lumotlarni ayirboshlashni tashkil etish;
Jamg’armaning unga yuklangan asosiy vazifalarni amalga oshirish bo’yicha faoliyatini tartibga soluvchi qoidalarni ishlab chiqish hamda sug’urta faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish bo’yicha maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishgan holda tasdiqlash.
 
6. Jamg’arma qo’yilgan vazifalarni bajarish maqsadida quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
belgilangan tartibda jabrlanuvchilarga kompensatsiya to’lovlari to’laydi, shuningdek regress talablarni amalga oshiradi;
sug’urtalovchilar tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq ko’rsatib o’tilgan siylovlarni olish huquqiga ega bo’lgan shaxslar toifalariga berilgan sug’urta mukofotlari bo’yicha siylovlarni kompensatsiya qiladi;
Jamg’armaning o’z vakolatlarini amalga oshirishi uchun zarur bo’lgan axborotlarni maxsus vakolatli davlat organi bilan doimiy ravishda ayirboshlaydi;
sug’urtalovchilar bilan majburiy sug’urta qilish, qonun hujjatlarida belgilangan sug’urta siri to’g’risidagi talablar ta’minlanishi to’g’risidagi ma’lumotlarni ayirboshlaydi;
Jamg’arma mablag’lari tushumi va sarfi bo’yicha yillik va choraklik prognozlarni shakllantiradi;
transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug’urta qilish to’g’risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga oid takliflarni ishlab chiqadi va maxsus vakolatli davlat organiga ko’rib chiqishi uchun kiritadi;
majburiy sug’urta qilish sohasida xalqaro aloqalarni amalga oshiradi, xorijiy tajribani o’rganadi va undan foydalanadi.
Jamg’arma o’z vazifalari va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
 
III. JAMG’ARMANING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
 
7. Jamg’arma quyidagi huquqlarga ega:
sug’urtalovchilardan tuzilgan majburiy sug’urta shartnomalari soni, to’plangan sug’urta mukofotlari miqdori, majburiyatlar va to’langan sug’urta qoplovlari to’g’risidagi axborotni belgilangan tartibda olish;
Jamg’arma mablag’larini ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda joylashtirish.
Jamg’arma o’ziga yuklangan vazifalarga va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi mumkin.
 
8. Jamg’arma quyidagilarga majbur:
maxsus vakolatli davlat organiga ushbu organ tomonidan belgilangan shakl bo’yicha va muddatlarda moliyaviy hisobot va boshqa hisobotlarni taqdim etish;
Jamg’armaning mablag’laridan samarali va maqsadli foydalanishni ta’minlash;
ommaviy axborot vositalarida yilning har choragida sug’urtalovchilar-qatnashchilar ro’yxatini e’lon qilish;
maxsus vakolatli organning so’roviga ko’ra majburiy sug’urta qilish bo’yicha tegishli axborotni taqdim etish.
Jamg’arma o’z vazifalari va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo’lishi mumkin.
 
IV. JAMG’ARMA MOL-MULKINI SHAKLLANTIRISH VA UNING MABLAG’LARIDAN FOYDALANISH TARTIBI
 
9. Jamg’armaning mol-mulki:
sug’urtalovchilarning biryo’la va kalendar to’lanadigan badallari;
Jamg’arma tomonidan jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar uchun javob beruvchi shaxslarga nisbatan qo’yiladigan talablar amalga oshirilishidan jabrlanuvchilar (ularning merosxo’rlari yoki huquqiy vorislari)ning tegishli talablarini ko’rib chiqish bo’yicha Jamg’arma tomonidan amalga oshirilgan kompensatsiya to’lovlari va xarajatlariga oid mablag’lar;
Jamg’armaning pul mablag’larini joylashtirishdan olingan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar hisobiga shakllanadi.
 
10. Sug’urtalovchining Jamg’armaga biryo’la to’lanadigan badali Jamg’armaga badal kiritish kunida sug’urtalovchi ustav fondining qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdorining 0,1 foizini tashkil etadi.
 
11. Kalendar badal sug’urtalovchilar tomonidan yilning har choragida Jamg’armaga o’tkaziladigan pul mablag’laridan iborat bo’ladi. Kalendar badal miqdori sug’urtalovchi bilan tuzilgan majburiy sug’urta shartnomalari bo’yicha umumiy sug’urta summasi hisobot choragida o’sishi hajmidan kelib chiqib maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishuv bo’yicha Jamg’armaning kuzatuv kengashi tomonidan belgilanadi.
To’langan kalendar badallar summasi Jamg’armaning kuzatuv kengashi tomonidan belgilangan miqdorga yetganda sug’urtalovchilar tomonidan kalendar badallar to’lash maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishgan holda majburiy sug’urta shartnomalari bo’yicha umumiy sug’urta summasidan kelib chiqib to’xtatib turiladi. Majburiy sug’urta shartnomalari bo’yicha jami sug’urta summasi o’zgargan taqdirda sug’urtalovchi tomonidan Jamg’armaga to’langan kalendar badallar summasi qayta hisoblab chiqilishi kerak.
 
12. Majburiy sug’urta qilish bo’yicha faoliyatni amalga oshirish huquqini beradigan litsenziyaning amal qilishi to’xtatib turilishi sug’urtalovchini Jamg’armaga kalendar badallarni to’lashdan ozod qilmaydi.
Kalendar badal stavkasi o’zgargan taqdirda Jamg’arma bu haqda sug’urtalovchilarga to’lashning keyingi muddatidan oldin kamida 30 kundan kechikmay xabar qilishi shart.
 
13. Jamg’arma mablag’laridan faqat:
kompensatsiya to’lovlari to’lashda;
majburiy sug’urta qilish bo’yicha sug’urta mukofotlariga oid siylovlarni kompensatsiya qilishda;
Jamg’arma direksiyasi ta’minoti uchun;
ushbu Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan Jamg’armaning boshqa vazifalarini amalga oshirish uchun foydalaniladi.
Jamg’armaning kompensatsiya to’lovlarini moliyalashtirishga va sug’urta mukofotlari bo’yicha siylovlarni kompensatsiya qilishga mo’ljallangan mablag’lari Jamg’armaning boshqa mol-mulkidan alohida ajratiladi, ular bo’yicha alohida hisob yuritiladi va alohida bank hisob raqami ochiladi.
 
14. Jamg’arma direksiyasi ta’minoti Jamg’armaning kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan xarajatlar smetasi asosida Jamg’arma mablag’lari hisobiga amalga oshiriladi.
 
15. Jamg’arma mablag’larining bir qismi vaqtincha bo’sh bo’lgan taqdirda Jamg’armaning kuzatuv kengashi har yili ushbu mablag’larni investitsiya qilish yo’nalishlari va hajmini tasdiqlashi mumkin. Jamg’armaning ko’rsatib o’tilgan mablag’larini investitsiya qilish diversifikatsiyalash, qaytarish, foyda olish va likvidlik shartlarida amalga oshiriladi.
 
16. Jamg’arma mablag’larini davlat qimmatli qog’ozlariga va boshqa aktivlarga joylashtirishdan olingan Jamg’arma daromadlari soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
 
17. Agar homiylar yoki grant beruvchilar tomonidan Jamg’armaga Jamg’armaning maqsadlari va vazifalariga muvofiq bo’lgan maqsadlar va foydalanish shartlari ko’rsatilgan holda mablag’lar berilgan taqdirda, ushbu mablag’lardan homiylar yoki grant beruvchilarning ko’rsatmalariga muvofiq foydalanilishi kerak.
 
18. Majburiy sug’urta qilish bo’yicha faoliyat ixtiyoriy to’xtatilishi munosabati bilan Jamg’armadan ixtiyoriy chiqilgan taqdirda, shuningdek sug’urtalovchi Jamg’arma oldidagi majburiyatlarni bajarmaganligi uchun undan chiqarilganda sug’urtalovchi tomonidan Jamg’armaga to’langan badallar qaytarilmaydi.
 
19. Maxsus vakolatli davlat organi tomonidan kompensatsiya to’lovlarini moliyalashtirish va sug’urta mukofotlari bo’yicha siylovlarni kompensatsiya qilish uchun Jamg’armaning bank hisob raqamidagi mablag’larning eng kam summasiga nisbatan talablar belgilanishi mumkin.
 
V. SUG’URTALOVCHILARNING JAMG’ARMA BILAN YOZMA BITIMINI TUZISH VA
ULARNI A’ZOLIKDAN CHIQARISH TARTIBI
 
20. Jamg’arma bilan sug’urta bitimi tuzish uchun sug’urtalovchi Jamg’armaga ariza, Jamg’armaning ustav sarmoyasini shakllantirish uchun biryo’la to’lanadigan badal belgilangan miqdorda to’langanligini tasdiqlaydigan to’lov topshiriqnomasi nusxasini taqdim etishi shart.
 
21. Jamg’arma maxsus vakolatli davlat organini tuzilgan yozma bitimlar va sug’urtalovchilar tomonidan Jamg’armaga biryo’la to’lanadigan badal to’langanligi to’g’risida xabardor qiladi.
 
22. Sug’urtalovchilar:
sug’urtalovchining firma nomi va (yoki) joylashgan joyi o’zgarganda;
sug’urtalovchini qayta tashkil etish yoki tugatish to’g’risida qaror qabul qilinganda Jamg’armaga yozma ravishda ma’lum qilishi shart.
 
23. Jamg’arma bilan yozma bitim tuzgan sug’urtalovchining nomi va (yoki) joylashgan joyi o’zgargan taqdirda Jamg’arma sug’urtalovchining qayta ro’yxatdan o’tkazilishi va litsenziya qayta rasmiylashtirilganligini tasdiqlaydigan hujjatlar sug’urtalovchidan olingan paytdan boshlab 10 ish kuni mobaynida Jamg’armaning sug’urtalovchilari-a’zolari reyestriga tegishli o’zgartirishlar kiritadi.
 
24. Sug’urtalovchi tomonidan Jamg’arma va sug’urtalovchi o’rtasida tuzilgan yozma bitimda nazarda tutilgan Jamg’arma oldidagi majburiyatlar muntazam ravishda bajarilmagan taqdirda Jamg’armaning kuzatuv kengashi maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishgan holda sug’urtalovchi va Jamg’arma o’rtasida tuzilgan bitimni bekor qilish to’g’risida qaror qabul qilishi mumkin, ushbu qaror majburiy sug’urta qilish bo’yicha faoliyatni amalga oshirish huquqini beradigan litsenziyaning amal qilishini to’xtatish uchun asos hisoblanadi.
 
25. Majburiy sug’urta qilish bo’yicha faoliyatning ixtiyoriy to’xtatilishi munosabati bilan Jamg’armadan ixtiyoriy chiqilgan, shuningdek Jamg’arma oldidagi majburiyatlarni bajarmaganligi uchun sug’urtalovchi undan chiqarilgan taqdirda sug’urtalovchi transport vositalari egalarining javobgarligini majburiy sug’urta qilish bo’yicha ilgari tuzilgan shartnomalar bo’yicha o’z majburiyatlarini bajarishi shart.
 
VI. JAMG’ARMANI BOSHQARISH
 
26. Kuzatuv kengashi va Jamg’arma direksiyasi Jamg’armaning boshqaruv organlari hisoblanadi.
 
27. Jamg’armaning kuzatuv kengashi Jamg’arma faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi.
 
28. Kuzatuv kengashining tarkibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Kuzatuv kengashiga rais boshchilik qiladi.
 
29. Kuzatuv kengashi majlislari uning raisi yoki kuzatuv kengashi a’zolarining kamida uchdan bir qismining talabi bo’yicha zaruriyatga ko’ra, biroq yil choragida kamida bir marta chaqiriladi.
Kuzatuv kengashi, agar majlisda uning a’zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo’lsa, qaror qabul qilishga haqlidir. Agar hozir bo’lganlarning kamida uchdan ikki qismi kuzatuv kengashi qarori uchun ovoz bersa, kuzatuv kengashi qarori qabul qilingan hisoblanadi.
 
30. Kuzatuv kengashi:
sug’urtalovchilarning kalendar badallari stavkalarini, to’langan kalendar badallarining cheklangan summasini, hisob-kitob qilish tartibi va badallarni to’lash muddatlarini tasdiqlaydi;
maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishgan holda bank-agentni tanlaydi;
Jamg’arma mablag’larini davlat qimmatli qog’ozlariga va boshqa aktivlarga joylashtirish to’g’risida qaror qabul qiladi;
Jamg’arma mablag’laridan foydalanish tartibini, shu jumladan joriy faoliyat xarajatlarini tasdiqlaydi;
Jamg’armaning ijro etuvchi organini tuzadi va uning faoliyatini nazorat qiladi;
auditorlik tashkilotini belgilaydi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
 
31. Jamg’armaning ijro etuvchi organi Direksiya hisoblanadi. Direksiya joriy rahbarlikni amalga oshiradi va Jamg’arma faoliyati uchun javob beradi. Jamg’arma direksiyasining tuzilmasi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Jamg’arma direksiyasiga kuzatuv kengashi tomonidan tayinlanadigan direktor boshchilik qiladi.
 
32. Jamg’arma direksiyasi:
bir martalik va kalendar badallarning sug’urtalovchilar tomonidan o’z vaqtida va to’liq o’tkazilishini nazorat qiladi;
belgilangan tartibda kompensatsiya to’lovlarini va sug’urta mukofotlari bo’yicha siylovlar kompensatsiyasini amalga oshiradi;
joriy faoliyat xarajatlari smetasini tasdiqlash uchun kuzatuv kengashiga kiritadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
 
33. Jamg’armaning direktori kuzatuv kengashi majlislarida maslahat ovozi huquqi bilan qatnashadi.
 
 
VII. JAMG’ARMANING DAROMADLARI VA XARAJATLARI PROGNOZINI TAYYORLASH,
KO’RIB CHIQISH VA TASDIQLASH
 
34. Direksiya har yili sug’urtalovchilarning ajratmalari va o’zga manbalardan boshqa tushumlar, shu jumladan xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining grantlari va kreditlarini jalb etish, ham O’zbekiston Respublikasi rezidentlari, ham norezidentlari bo’lgan yuridik va jismoniy shaxslarning beg’araz yordami shaklida navbatdagi yil uchun Jamg’arma tushumlari prognozini amalga oshiradi.
 
35. Direksiya Jamg’arma daromadlari prognozi asosida keyingi yil uchun Jamg’arma xarajatlari prognozini amalga oshiradi.
 
36. Navbatdagi yil uchun Jamg’arma daromadlari va xarajatlari prognozlari direksiya tomonidan kuzatuv kengashiga ko’rib chiqish va tasdiqlash uchun kiritiladi.
Jamg’armaning daromadlari va xarajatlari yillik prognozlari kuzatuv kengashi tomonidan kelgusi yilning 10 yanvarigacha tasdiqlanadi.
 
37. Jamg’armaning daromadlari va xarajatlari yillik prognozlari tasdiqlangandan keyin 30 kun mobaynida direksiya Jamg’armaning xarajatlar smetasini ishlab chiqadi.
 
VIII. JAMG’ARMANING MOLIYAVIY VA BOSHQA HISOBOTLARI
 
38. Jamg’arma maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan shakl bo’yicha va muddatlarda maxsus vakolatli davlat organiga moliya hisobotini va boshqa hisobotlarni taqdim etadi.
 
39. Jamg’armaning yillik moliya hisoboti ishonchliligi auditorlik tashkiloti tomonidan tasdiqlanishi kerak.
 
40. Jamg’armaning yillik moliyaviy hisoboti kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
 
41. Jamg’armaning yillik moliyaviy hisoboti maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan shakl bo’yicha va muddatlarda matbuotda e’lon qilinadi.
 
42. Jamg’armaning moliyaviy faoliyati har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan o’tkazilishi kerak.
 
IX. JAMG’ARMA MABLAG’LARINI SARFLASH TARTIBI
 
43. Mablag’larni tasdiqlanmagan smetasiz, shuningdek Jamg’arma xarajatlari prognozida nazarda tutilmagan chora-tadbirlarga yoki ham umuman smeta bo’yicha, ham xarajatlarning alohida turlari bo’yicha smeta vazifalaridan ortiq bo’lgan summalarda sarflash taqiqlanadi, eng kam oylik ish haqi miqdori oshirilgan hollar bundan mustasno.
 
44. Ushbu Nizomda nazarda tutilmagan maqsadlar uchun Jamg’arma hisob raqamidan mablag’larni o’tkazish va vaqtincha olib qo’yish taqiqlanadi.
 
X. SUG’URTALOVCHILARNING FAOLIYATI TO’G’RISIDAGI AXBOROTNI JAMG’ARMA
TOMONIDAN OLISH VA OSHKOR QILMASLIK KAFOLATI
 
45. Jamg’arma va maxsus vakolatli davlat organi Jamg’arma o’z vakolatlarini amalga oshirishi uchun zarur bo’lgan axborotni doimiy ravishda ayirboshlaydi.
 
46. Jamg’arma, agar sug’urtalovchilarning faoliyati, ularning mijozlari to’g’risidagi axborot Jamg’arma o’z funksiyalarini amalga oshirayotganda unga ma’lum bo’lsa, ko’rsatib o’tilgan axborot oshkor qilinmasligini kafolatlaydi, qonunga muvofiq axborotning oshkor qilinishiga yo’l qo’yiladigan hollar bundan mustasno.
 
47. Jamg’arma tomonidan ko’rsatib o’tilgan axborot oshkor qilingan taqdirda huquqlari buzilgan shaxs Jamg’armadan bunday oshkor qilish orqali o’ziga yetkazilgan zararni qoplashini talab qilishga haqlidir.
 
XI. JAMG’ARMANI QAYTA TASHKIL ETISH VA TUGATISH
 
48. Jamg’arma qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
 
 
"O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami", 2008 yil, 26-27-son, 251-modda.

 

Jamg`arma direktori virtual qabulxonasi

Jamg`arma direktori virtual qabulxonasi

Telefon raqam

(+99871) 200-02-21

Ishonch telefoni

(+99871) 239-42-72

Jamg‘arma a'zolari
Sug’urtalovchilar – TVEFJMS tizimi ishtirokchilari

Jamg`arma axborot ma`lumotlar bazasidan olingan ko`rsatkichlar
01.01.2017 yildan 01.07.2017 yilgacha

Sug`urta mukofatlari bo`yicha sug`urta kompaniyalarining ulushi
Sug`urta to`lovlari bo`yicha sug`urta kompaniyalarining ulushi