Korrupsiyaga qarshi kurashish

Sugʻurta toʻlovlarini kafolatlash jamgʻarmasining komplayens-nazorat

tizimi toʻgʻrisidagi Nizomi

 

I. UMUMIY QOIDALAR

 

1.1. Ushbu Nizom Sugʻurta toʻlovlarini kafolatlash jamgʻarmasida (keyingi o‘rinlarda - Jamgʻarma) komplayens-nazorat tizimini tashkil etish, joriy etish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.

1.2. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi, “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–6013-son (29.06.2020-y.) Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–81-son (12.01.2022-y.) qarori, Vazirlar Mahkamasining 114-son (02.03.2021-y.) qarori hamda boshqa qonunchilik va meʼyoriy-huquqiy hujjatlar asosida ishlab chiqildi.

1.3. Ushbu Nizom Jamgʻarmaning barcha rahbar va xodimlari hamda shartnoma asosida faoliyat yurituvchi shaxslari uchun majburiy hisoblanadi.

 

II. ASOSIY TUSHUNCHALAR

 

2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

- Komplayens-nazorat – Jamgʻarma faoliyatining qonunchilik, meʼyoriy-huquqiy hujjatlar va xizmat etikasi talablariga muvofiqligini taʼminlash tizimi;

- Komplayens xatarlar – Jamgʻarmada qonunbuzilish, korrupsiya, manfaatlar toʻqnashuvi, moliyaviy zarar va obroʻga putur yetishiga olib keluvchi holatlar;

- Yaqin qarindoshlar – ota-ona, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘illar, qizlar, shu jumladan asrab olingan bolalar, er-xotin, shuningdek er-xotinning ota-onasi,
aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari;

- Korrupsiyaga qarshi kurashish talablari buzilganligi to‘g‘risida ko‘ngilli xabar qilish – Jamg‘arma xodimining yoki boshqa shaxsning mavjud aloqa kanallari orqali Jamg‘arma xodimi tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarlikni sodir etganligi (bajarishga urinish) to‘g‘risidagi murojaati, bunda bunday xodim/shaxs o‘zi taqdim etgan axborot asosli ekanligiga chinakam ishonsa;

- Ishbilarmonlik mehmondo‘stligi belgilari – faoliyatni amalga oshirishda amalga oshiriladigan hamkorlikni o‘rnatish va/yoki qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq uchinchi shaxslarning Jamg‘arma xodimlari uchun yoki ularning manfaatlarini ko‘zlab qilgan xarajatlari, shu jumladan uchinchi shaxslarning ishbilarmonlik kechki ovqatlari, transport xarajatlari, yashash, ko‘ngilochar va boshqa xarajatlari;

- kontragent – Jamg‘arma shartnomaviy munosabatlarga kirishgan har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs, mehnat shartnomalari bundan mustasno;

- manfaatlar to‘qnashuvi – Jamg‘arma xodimining shaxsiy manfaatdorligi (bevosita yoki bilvosita) uning xizmat vazifalarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatadigan yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda xodimning shaxsiy manfaatdorligi va Jamg‘arma manfaatlari o‘rtasida ziddiyat yuzaga keladigan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat;

- korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud boshqa shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishi;

- korrupsiyaviy xatti-harakatlar – pora beruvchining manfaatlarini ko‘zlab xodimning harakati yoki harakatsizligi evaziga bevosita yoki bilvosita, shaxsan yoki uchinchi shaxslar orqali pora olish, talab qilish, tovlamachilik, taklif qilish, va’da berish va pora berish, ya’ni pul, qimmatli qog‘ozlar, boshqa mol-mulk, mulkiy tusdagi xizmatlar, boshqa mulkiy huquqlar, pora berish va/yoki olishda vositachilik qilish, rasmiyatchiliklarni soddalashtirish uchun to‘lovlar olish, shaxsning o‘z xizmat mavqeidan pora olish va boshqa noqonuniy maqsadlarda qonunga xilof ravishda foydalanishi;

- korrupsiyaga oid huquqbuzarlik – korrupsiya alomatlariga ega bo‘lgan, sodir etilganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida javobgarlik nazarda tutilgan qilmish;

- korrupsiya xavfi – Jamg‘arma xodimlari yoki uchinchi shaxslar tomonidan Jamg‘arma nomidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab korrupsiyaviy harakatlarni sodir etish xavfi;

- xodimning shaxsiy manfaatdorligi – Jamg‘arma xodimi o‘z xizmat vazifalarini bajarayotganda, uning yaqin qarindoshi yoki xodim bilan bog‘liq shaxslar tomonidan pul mablag‘lari, moddiy va nomoddiy boyliklar, boshqa mol-mulk, foyda, manfaatlar va afzalliklar ko‘rinishida shaxsiy manfaatlar (shaxsiy, ijtimoiy, mulkiy, moliyaviy, siyosiy va boshqa tijorat yoki notijorat manfaatlar) olish imkoniyati, bu uning lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holat;

- rasmiyatchiliklarni soddalashtirish uchun to‘lovlar – tegishli qonunchilik va me’yoriy hujjatlarda nazarda tutilmagan belgilangan tartib-taomillar yoki harakatlarni bajarishning standart tartibini ta’minlash yoki tezlashtirish maqsadida qonunga xilof ravishda taqdim etiladigan pul mablag‘lari, mol-mulk, mulkiy huquqlar, xizmatlar va boshqa moddiy yoki nomoddiy manfaat;

- xodim – Jamg‘arma bilan mehnat munosabatlariga kirishgan jismoniy shaxs;

- bog‘liq shaxslar – Jamg‘arma xodimi tijorat tashkilotlarining ustav kapitalida ishtirok etadigan shaxslar;

- korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi – korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, amaldagi qonunchilik va ichki hujjatlarga rioya qilish, Jamg‘arma xodimlarining yuqori darajadagi professional va axloqiy faoliyatini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar.

 

III. KOMPLAYENS-NAZORAT TIZIMINING MAQSAD VA VAZIFALARI

 

3.1. Jamgʻarma faoliyatida qonunchilikka qatʼiy rioya etilishini taʼminlash.

3.2. Korrupsiya, xizmat mavqeini suiisteʼmol qilish va manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish.

3.3. Jamgʻarma faoliyati bilan bog‘liq tuziladigan shartnomalar, toʻlovlar va davlat xaridlari jarayonlarida shaffoflikni taʼminlash.

3.4. Jamgʻarmada kasbiy axloqiy qoidalar ijrosini ta’minlash.

3.5. Jamgʻarmada ichki tartib-qoidalarga rioya etilmaslikka oid xatarlarni kamaytirish va ishbilarmonlik obro‘siga taxdidlarni oldini olish.

3.6. Komplayens xatarlarini aniqlash, baholash va kamaytirish.

 

IV. KOMPLAYENS-NAZORAT TIZIMINING ASOSIY TAMOYILLARI

 

- qonuniylik va adolatlilik;

- shaffoflik va hisobdorlik;

- mustaqillik va xolislik;

- korrupsiyaga murosasizlik;

- oldini olishga qaratilgan yondashuv.

 

V. KOMPLAYENS-NAZORAT TIZIMI

 

5.1. Jamgʻarma faoliyatida komplayens-nazorat tizimini amalga oshirish alohida direktor o‘rinbosari va masʼul shaxsga yuklanadi.

5.2. Komplayens-nazorat boʻyicha masʼullar Jamgʻarma direktorining buyrugʻi bilan tayinlanadi.

5.3. Komplayens-nazorat boʻyicha quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:

- Jamgʻarmada komplayens va korrupsiya xatarlarini aniqlash va tahlil qilish;

- korrupsiyaga qarshi ichki siyosat va tartib-taomillarni ishlab chiqish;

- manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash va bartaraf etish boʻyicha takliflar kiritish;

- xizmat tekshiruvlarida ishtirok etish;

- Jamg‘arma rahbariyati uchun hisobotlar tayyorlash.

5.4. Kadrlar xizmati xodimlarning yaqin qarindoshlari va ularga aloqador shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va hajmda muntazam ravishda to‘plash va dolzarblashtirish uchun javob beradi.

 

VI. MANFAATLAR TOʻQNASHUVINI BOSHQARISH

 

6.1. Xodimlar Jamg‘arma faoliyatida tuziladigan shartnomalar, toʻlovlar yoki xaridlar bilan bogʻliq shaxsiy manfaatlar mavjud boʻlsa, bu haqda yozma ravishda xabar berishi shart.

6.2. Manfaatlar toʻqnashuvini bartaraf etish boʻyicha qarorlar rahbariyat tomonidan qabul qilinadi.

 

VII. KORRUPSIYAGA QARSHI CHORA-TADBIRLAR

 

7.1. Jamg‘armaning barcha xodimlariga o‘z mehnat vazifalarini bajarayotganda har qanday korrupsiyaviy harakatlarda, ya’ni xodimning pora beruvchi manfaatlarini ko‘zlab qilgan harakati yoki harakatsizligi evaziga vositachilik qilish, har qanday sovg‘alar pul mablag‘lari, qimmatli qog‘ozlar, boshqa mol-mulk, mulkiy tusdagi xizmatlar, boshqa mulkiy huquqlarni olish, talab qilish, tovlamachilik, taklif qilish, va’da berish, belgilangan qoidalarni chetlab o‘tib, rasmiyatchiliklarni soddalashtirish uchun to‘lovlar olish, shaxsning o‘z xizmat mavqeidan pora olish maqsadida va boshqa g‘ayriqonuniy maqsadlarda qonunga xilof ravishda foydalanishda bevosita yoki bilvosita, shaxsan yoki vositachilar orqali ishtirok etish qat’iyan taqiqlanadi.

7.2. Sovgʻalar, xizmat safarlari va vakillik xarajatlari qonunchilikka muvofiq tartibga solinadi.

7.3. Xodim xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan unga taqdim etilgan sovgʻani ushbu tadbirlardan qaytib kelgan kundan boshlab uch ish kuni ichida Jamg‘armaga taqdim etadi, (keyinchalik belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladi 1-Ilova).

7.4. Xodimga taqdim etilgan tez yaroqsiz holga keluvchi mahsulotlar (tabiiy guldasta, donalik shirinliklar), shuningdek kanselyariya toʻplamlari (taqvim, buklet, plastmassali ruchka, kundalik va bloknot) sovgʻa sifatida rasmiylashtirilmaydi hamda ushbu sovgʻalar xodim tomonidan oʻz xohishiga koʻra tasarruf etiladi.

Xodimda sovgʻaning qiymatini tasdiqlovchi hujjat mavjud boʻlmasa, Jamg‘arma tomonidan sovgʻaning bozor narxi savdo doʻkonlari, internet hamda boshqa manbalar va usullar orqali oʻrganilib, uning oʻrtacha qiymati aniqlanadi va uning natijasi boʻyicha bayonnoma rasmiylashtiriladi.

7.5. Sovgʻaning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 4 (toʻrt) baravariga teng yoki undan koʻp boʻlmagan miqdorda ekanligi aniqlangan taqdirda, sovgʻa xodimda qoldiriladi va u tomonidan oʻz ixtiyoriga koʻra tasarruf etiladi.

Sovgʻaning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 4 (toʻrt) baravaridan ortiqligi aniqlangan taqdirda, sovgʻa buxgalteriya bo‘limi tomonidan Jamg‘armaning balansiga kirim qilinadi.

7.6. Jamg‘arma xodimlari tomonidan Jamg‘armaning boshqa xodimlariga sovg‘alar faqat shaxsiy bayramlar (tug‘ilgan kun, bola tug‘ilgan kun, Vatan himoyachilari kuni, Xalqaro xotin-qizlar kuni va boshqalar) munosabati bilan berilishiga yo‘l qo‘yiladi, bu sovg‘alar xodimning shaxsi bilan bog‘liq sovg‘alar deb e’tirof etiladi.

Bunday hadya qilishda quyidagi talablarga rioya etilishi kerak:

• sovg‘aning umumiy qiymati (soliqlar va yig‘imlarni hisobga olgan holda) bazaviy hisoblash miqdorining 4 (to‘rt) baravaridan oshmasligi kerak;

• bir xodimning boshqa xodimga sovg‘a berish uchun sarflagan summasi har bir holatda bazaviy hisoblash miqdorining 1 (bir) baravaridan oshmasligi kerak.

7.7. Har qanday bayram munosabati bilan boshqa davlat organlari va tashkilotlari, hamkorlar va kontragentlar, boshqa jismoniy va yuridik shaxslar (7.3.- va 7.6.-bandlarga to‘g‘ri kelmaydigan) xodimlaridan olinadigan sovg‘alar va 7.1.-bandda sanab o‘tilgan boshqa moddiy boyliklar shubha-gumonlarning oldini olish maqsadida taqiqlanadi.

7.8. Xalqaro konferensiyalar, simpoziumlar va boshqa xizmat uchrashuvlarida Jamg‘arma nomidan sovg‘alar berish Jamg‘arma direktori yoki u vakolat bergan mansabdor shaxsning buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.

7.9. Sovg‘ani qabul qilishning qonuniyligiga shubha tug‘ilganda, xodim korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli shaxsga murojaat qilishi kerak.

 

VIII. XABAR BERISH VA HIMOYA MEXANIZMLARI

 

8.1. Qonunbuzilish va korrupsiya holatlari haqida xabar berish uchun maxsus aloqa kanallari joriy etiladi.

8.2. Jamg‘arma xodimlari va boshqa shaxslar ularda Jamg‘arma xodimlarining xatti-harakatlari qonuniyligi va/yoki axloqiyligiga shubha tug‘ilganda, korrupsiyaning taxmin qilinayotgan yoki sodir etilgan faktlari va boshqa qoidabuzarliklar yuzasidan asosli gumonlar paydo bo‘lganda ular to‘g‘risida Jamg‘armaning mavjud aloqa kanallari orqali ochiq xabar berishlari mumkin (2- va 3-Ilovalar).

8.3. Xabar bergan shaxslarni taʼqib qilish taqiqlanadi va ular qonunchilikka muvofiq himoya qilinadi. Jamg‘arma o‘z vakolatlari va mavjud imkoniyatlari doirasida qoidabuzarlik to‘g‘risida ishonchli axborot bergan shaxsning maxfiyligini ta’minlaydi (Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno).

8.4. Jamg‘arma o‘z xodimlarining manfaatlarini himoya qiladi va Jamg‘armaning boshqa xodimi tomonidan shubhali xatti-harakatlar yoki korrupsiyaga qarshi kurashish talablarining ehtimoliy buzilishi haqida ko‘ngilli ravishda xabar bergan xodimlarga nisbatan qasos harakatlariga, shu jumladan ishdan bo‘shatish, lavozimini pasaytirish, kamsitish, tazyiq o‘tkazish, ta’qib qilishga yo‘l qo‘ymasligini kafolatlaydi.

8.5. Jamg‘armaning aloqa kanallariga tushgan barcha xabarlar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va Jamg‘armaning ichki hujjatlariga muvofiq Jamg‘armaning mas’ul shaxsi tomonidan xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqiladi.

8.6. Ko‘rib chiqish uchun anonim tarzda (shu jumladan, agar bunday funksional nazarda tutilgan bo‘lsa, Jamg‘armaning raqamli kanallari orqali) berilgan xabarlar ham qabul qilinadi. Jamg‘arma xabarga javob berish uchun ariza beruvchi bilan bog‘lana olmaslik hamda qo‘shimcha ma’lumot olish imkoniyati yo‘qligi sababli to‘liq va har tomonlama tekshiruv o‘tkaza olmasligi anonim xabarlar hisoblanadi.

8.7. Jamg‘arma xodimining bila turib yolg‘on ma’lumot taqdim etishi ushbu Nizom talablarini buzish va axloqsiz xulq-atvor namunasi sifatida qaraladi, bunday shaxs qonun hujjatlariga va Jamg‘armaning ichki hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi mumkin.

8.8. Korrupsiya faktlari to‘g‘risida ko‘ngilli ravishda xabar bergan Jamg‘arma xodimlari, ma’lumotlar tasdiqlangan taqdirda, rag‘batlantirilishi mumkin.

 

IX. OʻQUV VA XABARDORLIK

 

9.1. Jamg‘armaning barcha xodimlari uchun yillik komplayens va korrupsiyaga qarshi oʻquvlar oʻtkaziladi.

9.2. Yangi ishga qabul qilingan xodimlar komplayens qoidalari bilan majburiy tarzda tanishtiriladi.

9.3. Mas’ul shaxs tomonidan xodimlarga maslahat (ogohlantirish) berish va tilxat olish (4- va 5-Ilovalar);

kontragentlarni Jamg‘arma talablari, shu jumladan shartnomalardagi korrupsiyaga qarshi shartlar to‘g‘risida xabardor qilish (6-Ilova).

 

X. NAZORAT VA HISOBOT

 

10.1. Komplayens-nazorat yuklatilgan mas’ullar ushbu yo‘nalishda barcha tuzilmalar faoliyatini nazorat qiladilar.

10.2. Jamg‘arma xodimlarining faoliyatini nazorat qilish maqsadida Jamg‘arma binolarida video va audio qayd etish kameralari (shaxsga doir ma’lumotlar va mehnat huquqi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq) joylashtirilishi mumkin, ulardan olingan yozuvlar belgilangan tartibda mas’ul xodimlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

10.3. Komplayens-nazorat tizimi samaradorligi ichki audit va monitoring orqali baholanadi.

10.4. Komplayens-nazorat boʻyicha masʼullar har oyda rahbariyatga hisobot taqdim etadi.

 

XI. JAVOBGARLIK

 

11. Ushbu Nizom talablarini buzgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

Shuningdek:

- xodimlar qoidabuzarliklar uchun shaxsan javobgardirlar, bevosita rahbarlar o‘z bo‘linmalarida nazorat va chora ko‘rishni tashkil etish uchun javobgardirlar;

- xodimlar rahbarni va vakolatli shaxsni korrupsiyaga moyillik holatlari va ma’lum bo‘lgan korrupsiya faktlari to‘g‘risida xabardor qilishi shart;

- har bir asosli shubha bo‘yicha ichki hujjatlar va qonunda belgilangan tartibda xizmat tekshiruvlari o‘tkaziladi;

- huquqbuzarliklar aniqlanganda Jamg‘arma ularning sabablarini tahlil qiladi va tizimni takomillashtiradi;

- Jamg‘arma qonunchilik doirasida huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari bilan hamkorlik qiladi.

 

XII. YAKUNIY QOIDALAR

 

12.1. Nizom Jamg‘arma direktorining buyrugʻi bilan tasdiqlangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

12.2. Nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar belgilangan tartibda kiritiladi.

Jamg'arma a'zolari

Image
Image
Image
Image
Image
Image
Image
Image
Image
Image
Image
Image
Image
Image
Image
Image
Image
Image
Image
Image
Image