
Seul shahrida (Koreya Respublikasi) bo‘lib o‘tgan Sug‘urtani kafolatlash sxemalari xalqaro forumining (IFIGS) Yillik umumiy yig‘ilishi ishtirokchilarining ovoz berish natijalariga ko‘ra, Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasi Direktor Yormat Mirzayev timsolida ushbu global tashkilot rahbariyati tarkibiga Raisning birinchi o‘rinbosari (First Vice-Chair) lavozimiga rasman saylandi. Ushbu xalqaro lavozimdagi rasmiy vakolat muddati 2027-yildan boshlanadi.
Milliy sug‘urta bozori tarixida ilk bor O‘zbekiston vakili global darajada bunday yuksak rahbarlik lavozimini egalladi. Ushbu muhim tayinlov IFIGS forumining 13-Xalqaro konferensiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Mazkur yirik tadbir dunyoning 31 ta davlatidan 140 ga yaqin sohaviy tashkilotlar, xalqaro moliya institutlari va sug‘urta bozorini tartibga soluvchi davlat organlarining oliy rahbarlarini birlashtirdi. Mazkur qaror milliy sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash tizimining global professional hamjamiyatga muvaffaqiyatli integratsiyalashayotganini tasdiqlaydi.

Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasi Direktori Yormat Mirzayev ushbu muhim voqeani quyidagicha izohladi: «Jamg‘armaning IFIGS oliy rahbariyati tarkibiga saylanishi — bu, eng avvalo, Muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida moliya bozorini modernizatsiya qilish va fuqarolar huquqlarini himoya qilishning institutsional tizimini mustahkamlash borasida izchil amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijalarining xalqaro ekspertlar hamjamiyati tomonidan berilgan yuksak bahosidir. Ushbu yangi maqom tashkilotimiz uchun to‘lovlarni kafolatlash bo‘yicha xalqaro standartlarni ishlab chiqishda bevosita ishtirok etish va Jamg‘arma faoliyatiga ilg‘or xorijiy tajribalarni tezkor joriy etish uchun amaliy imkoniyatlarni ochadi. Mazkur xalqaro maydondagi asosiy vazifamiz — milliy tajribamizni munosib taqdim etish hamda kafolatli holatlar yuzaga kelganda oddiy fuqarolar va jabrlangan shaxslarning huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish uchun jahonning eng yaxshi uslub va vositalarini jalb qilishdan iboratdir».
O‘zbekiston vakilining IFIGS rahbariyatiga saylanishi - milliy sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash tizimiga bo‘lgan xalqaro ishonchni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam, shuningdek, sug‘urta tovonlarini olish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar va jabrlangan shaxslarning huquqlarini eng yaxshi jahon amaliyotlari va yuksak xalqaro standartlarga muvofiq himoya qilishni ta’minlashga sodiqlikning tasdig‘idir.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasi 2025-yildan buyon IFIGS xalqaro forumining to‘laqonli a’zosi hisoblanadi. 2013-yilda tashkil etilgan IFIGS xalqaro forumi dunyoning yetakchi rivojlangan iqtisodlariga ega davlatlarining (shu jumladan AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Kanada va boshqalar) sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash bo‘yicha davlat va mustaqil tashkilotlarini birlashtirgan yagona global assotsiatsiya hisoblanadi.


24.11.2026

10.11.2026

10.11.2026

10.11.2026

10.11.2026

10.10.2026

10.10.2026

10.10.2026

10.10.2026

10.09.2026